YOSHLAR UCHUN IMKONIYAT VA RAG'BAT
Shahrisabz davlat pedagogika instituti talabasi Kamila Orifiy xalqaro IELTS imtihonida 8 ball to‘plab, institutda bunday yuqori natijaga erishgan ilk talaba bo‘ldi. Bugun institut rektori, professor Sherzod Nematov talabalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Kamilaning yutug‘ini e'tirof etdi.
- Bizni quvontiradigani — Kamila ushbu yutuqqa hech qanday repetitorlarsiz o‘zining intilishi va mehnati bilan erishdi. Har bir talaba agar o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, unga erishish yo‘lida astoydil harakat qilsa, barchasiga erishishi mumkin. Biz esa bunday iste’dodli va mehnatkash yoshlar uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Bundan tashqari, institutimiz tomonidan Kamilani moddiy rag'batlantiramiz, - deb ta'kidladi.
Shuni alohida aytish joizki mamlakatimizda yoshlarni yanada qo'llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, IELTS, TOEFL, GMAT, GRE va SAT kabi xalqaro imtihonlardan yuqori natijalar ko‘rsatgan yoshlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Ushbu qaror yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi va xalqaro miqyosda o‘z salohiyatlarini namoyon etishlariga ko‘maklashadi.
Foydali sahifalar